Iordaniyalik sanoat magnati: “O‘zbekiston islom ilm-fani markazlaridan biri ekanini yana bir bor angladim”
Iordaniyalik sanoat magnati: “O‘zbekiston islom ilm-fani markazlaridan biri ekanini yana bir bor angladim”
Dunyo bo‘ylab ko‘plab muzeylar va madaniy markazlarni ko‘rgan Iordaniyaning yirik sanoat kompaniyasi rahbari O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida kutilmagan taassurotlarga duch keldi. O‘zbekiston tarixini ming yilliklar kesimida aks ettiruvchi noyob ekspozitsiyalar, raqamli texnologiyalar va buyuk allomalar merosi mehmonni hayratga soldi. Uning ta’kidlashicha, bu yerda islom sivilizatsiyasining taraqqiyotga qo‘shgan hissasi juda ta’sirchan va yaxlit tarzda namoyon etilgan.
Iordaniya Hoshimiylar Podshohligining yirik sanoat korxonalaridan biri — “Jordan Phosphate Mines” kompaniyasi boshqaruv kengashi raisi Mohammad Tneybat O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi.
Markaz ekspozitsiyalari bilan tanishuv davomida u noyob qo‘lyozmalar, raqamlashtirish jarayonlari, zamonaviy interaktiv yechimlar va ilmiy-tadqiqot yo‘nalishlariga alohida qiziqish bildirdi. Ayniqsa, Markaz foyesidagi “Buyuk siymolar galereyasi” unda chuqur taassurot qoldirdi. Foye perimetri bo‘ylab joylashgan 14 ta yarim oval ravoq, 110 xil rangdagi mikromozaika toshlari asosida yaratilgan badiiy kompozitsiyalar Birinchi va Ikkinchi Renessans davrlari, buyuk allomalar, davlat arboblari va jadid ma’rifatparvarlari merosini yaxlit tarixiy manzara sifatida namoyon etadi.
Mohammad Tneybat o‘z taassurotlari bilan o‘rtoqlashar ekan, O‘zbekistonni islom dini, ilm-fan va ma’rifat rivojiga ulkan hissa qo‘shgan yurt sifatida e’tirof etdi.
“Dunyoning ko‘plab davlatlarida, turli muzeylarda bo‘lganman. Ammo bu yerda o‘zbek xalqining qadimgi davrlardan bugungi kungacha bo‘lgan tarixi, islom sivilizatsiyasi rivojiga qo‘shgan hissasi juda tizimli va ta’sirchan tarzda namoyon etilgan. Bunday markazni yaratish oson ish emas. Bu yerda islomgacha bo‘lgan davr, islom davri va undan keyingi tarixiy jarayonlar keng qamrovda aks ettirilgan. Markaz O‘zbekiston xalqining islom tarixi, adabiyoti va ilm-faniga qo‘shgan hissasini chuqur anglash imkonini beradi”, — dedi u.
Uning ta’kidlashicha, Samarqand va Buxoro kabi tarixiy shaharlar, Imom Buxoriy merosi, Ibn Sino, Beruniy va boshqa buyuk allomalar haqidagi ma’lumotlar O‘zbekistonning nafaqat mintaqaviy, balki umumislomiy sivilizatsiya taraqqiyotidagi muhim o‘rnini yaqqol ko‘rsatadi.








