“Bu loyiha dunyoning kuchli o‘nligiga loyiq” – Jahon fanlar akademiyasi vitse-prezidenti Sabah AlMomin
“Bu loyiha dunyoning kuchli o‘nligiga loyiq” – Jahon fanlar akademiyasi vitse-prezidenti Sabah AlMomin
Jahon fanlar akademiyasi vitse-prezidenti Saboh al-Mu’minning ta’kidlashicha, O‘zbekistonda amalga oshirilgan loyiha jahon miqyosida eng puxta ilmiy-ma’rifiy tashabbuslardan biri hisoblanadi. “Zamonaviy ilm-fan aynan shu poydevorga tayanadi”, deydi Saboh al-Mu’min.
Jahon ilm-fan doiralarining yetakchi vakillari Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan barpo etilgan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida bo‘ldi. Jahon fanlar akademiyasining vitse-prezidenti Saboh al-Mu’min va ijroiya direktori Marselo Knobel Markazning barcha ekspozitsiya bo‘limlari bilan tanishib, taqdim etilgan noyob eksponatlar, ilmiy asoslangan kontentlar va interaktiv yechimlarni katta qiziqish bilan kuzatdilar.
Birinchi Renessans bo‘limida joylashgan immersiv xona delegatsiya diqqat markazida bo‘ldi. Videomaterial orqali Birinchi Renessans davrida ilm-fan, tafakkur va madaniyatning yuksalish jarayonlari keng va tizimli tarzda yoritilgani mehmonlar tomonidan alohida e’tirof etildi.

Ikkinchi Renessans bo‘limidagi noyob shaxmat donalari asosida bevosita shaxmat o‘ynab ko‘rish imkoniyati jonli va tushunarli tarzda taqdim etishning samarali usuli sifatida baholandi.
Umuman, markazda namoyish etilayotgan original tarixiy ashyolar va noyob eksponatlar mehmonlarda chuqur taassurot qoldirdi. Shuningdek, delegatsiya a’zolarini XV asrning birinchi yarmiga oid, ipakdan to‘qilgan va imomlar uchun mo‘ljallangan maxsus chopon juda qiziqtirdi.
Sabah AlMomin, Jahon fanlar akademiyasi vitse-prezidenti:
– Rostini aytsam, bu yerda amalga oshirilgan ishlar meni hayratga soldi. O‘zbekiston rahbariyatini, Prezidentingizni, ushbu loyihani hayotga tatbiq etgan barcha rassomlar va tarixchilarni samimiy tabriklayman.
Bu O‘zbekiston uchun beqiyos va nihoyatda muhim loyiha. Uning dunyoning kuchli o‘nligidan joy olishi mutlaqo mantiqiy. Loyiha juda puxta o‘rganilgan, eng mayda detallarigacha ochib berilgan.
Tasvirlangan allomalar, davlat arboblari, diniy ulamolar ana shunday buyuk sivilizatsiyani barpo etgan. Biz bugun ham ularning ilmiy merosidan bahramand bo‘lib kelmoqdamiz. Zamonaviy ilm-fan aynan shu poydevorga tayanadi. Shu bois, bunday sivilizatsiyaga mansub ekaningiz bilan faxrlanishingiz kerak.
Marselo Knobel, Jahon fanlar akademiyasi direktori:
– Bu makon, aslida, biz biladigan ilm-fanning deyarli barcha yo‘nalishlari – matematika, astronomiya, fizika va boshqa sohalarning beshigi hisoblanadi. Men fizikman va ilm-fanning qayerda, qanday sharoitda shakllanganini ko‘rish men uchun juda qiziqarli bo‘ldi.
Menga eng ko‘p yoqqani Birinchi Renessans bo‘limi. Ayniqsa, ilm-fan va matematikaning aynan O‘zbekiston hududida rivojlanish jarayoni juda katta qiziqish uyg‘otdi.
Tarixni anglash, ilm-fanning jamiyat va butun dunyo taraqqiyotidagi o‘rnini tushunish nihoyatda muhim. Menimcha, bu Markaz yosh avlodga ilm-fan kelajak va yanada yaxshiroq jamiyat qurish uchun muhim ekanini aniq va ta’sirli tarzda tushuntirib bera oladi. Shaxsan men bu yerdan juda katta taassurot oldim.
Mehmonlar ekspozitsiyalarda ayollar siymosiga alohida e’tibor qaratilganini ham yuqori baholadilar. Temuriylar davridagi malikalar obrazi, ayollarning jamiyat, ilm-fan va madaniyat rivojidagi o‘rni keng yoritilgani qayd etildi.
Shuningdek, so‘z san’ati va bezak elementlari ham mehmonlarni befarq qoldirmadi. Ekspozitsiyalarda namoyish etilgan naqshlarning takrorlanmasligi, ularning badiiy mukammalligi va ramziy mazmuni, ayniqsa, daraxt installyatsiyasi delegatsiyada katta qiziqish uyg‘otdi.






