Baroqxon madrasasi
Baroqxon madrasasi
Baroqxon madrasasi - Toshkentda qurilgan Madrasa (1531/32 — 16-asr 2-yarmi). Hovli atrofida hujralar va ichki tarafida peshtoq boʻlib, madrasaning gʻarbiy qismi birmuncha oldinga chiqqan. Poydevori toshdan, qalin devorlari turli hajmdagi pishiq gʻishtdan ishlangan. Baʼzi joylari sinchli. Baroqxon madrasasi oʻrnida dastlab 2 (katta va kichik) maqbara boʻlgan. Kichik maqbarada Baroqxon qabri bor. Uning toʻrt tomonidagi eshiklaridan uchtasi keyinroq berkitib tashlangan (qolgan eshikdan zina bilan tomga chiqilgan).
Baroqxon (haqiqiy ismi Navroʻz Ahmadxon) (? — 1556, Samarqand) — shayboniylar sulolasidan boʻlgan xon. Abulxayrxonnmng nevarasi, Toshkent hokimi Suyunchxoʻjaxonning kichik oʻgʻli. Otasining vafotidan keyin Toshkent hokimi (1525 — 51), soʻngra Movarounnahr (1551 — 56) xoni. Baroqxon yoshligida Vosifiydan sheʼriyat, musiqa, ashula, vazn va nazmdan taʼlim olgan. Ayni vaqtda chavandozlik va harbiy mashqlar bilan koʻproq mashgʻul boʻlgan. Baroqxon oʻz saltanatini kengaytirish uchun koʻp harbiy yurishlar uyushtirgan.
Abdullatifxon vafotidan keyin 1551-y. Samarqand taxtiga oʻtirgan va Navroʻz Ahmadxon nomi bilan Movarounnahrni boshqargan. Uning nomi bilan tanga pullar zarb etilgan. Baroqxon obodonchilik ishlariga eʼtibor bergan, madrasalar qurdirgan (q. Baroqxon madrasasi). Hofiz Tanish Buxoriyning «Abdullanoma» asarida qayd etilishicha, Baroqxon 1556-y. Zarafshon daryosidan boshlangan Dargʻom kanalining bosh inshooti — Ravotxoʻja toʻgʻonini tuzattirish uchun kelgan va shu yerda toʻsatdan vafot etgan. Baroqxon davrida Movarounnahr bilan Yaqin va Oʻrta Sharq mamlakatlari, Hindiston, Xitoy, Sibir oʻrtasida savdo-sotiq, elchilik munosabatlari rivojlangan.
1904 y.da masjidga aylantirilgan katta maqbarada Toshkent hokimi Suyunchxoʻja qabri joylashgan. Baroqxon ikki maqbarani oʻz ichiga olgan Madrasa qurdirgan. Madrasaning sharq tomonidagi ulkan peshtoqqa rang-barang sirkor gʻishtchalardan namoyon terilgan. U handasiy va girih naqshlar bilan hoshiyalangan. Peshtoqning yuqori qismi saqlanmagan. Asosiy peshtoqning orqa tomonida yana peshtoq va besh qirrali ravoq bor.
Gʻarb tomondagi ichki peshtoq koʻk gumbazning tarkibiy qismi boʻlgan. Baroqxon madrasasi ning toʻrt burchagida choʻziq xona (qorixona)lar boʻlgan. Bino shakli va bezaklari oʻz holicha qolgan. Uning 22 m li gumbazi koʻk sirkor gʻishtchalar bilan pardozlangan (gumbaz 1868 y.gi zilzila paytida qulab tushgan). Gumbaz ostidagi 4,5 m li poygumbazga turli rangdagi sirkor gʻishtchalardan handasiy va girih naqshlar terib yaratilgan, Qurʼon suralari bitilgan.
Maqbara ichki qismidagi bezaklar keyinchalik koʻchib tushgan. Ichki devorning tepa qismida ganchdan ishlangan naqshlar boʻlib, ularga oltin suvi yugurtirilgan, pastki qismida olti burchakli sopollardan terilgan keng izora bor (ular yashil sirkor, zarhalli gʻishtchalar bilan ajratilgan). 20-asr boshlaridagi taʼmir vaqtida qad. bezaklarning qoldigʻi koʻchirib tashlanib, oq ganch bilan suvalgan.
Baroqxon madrasasi naqshlarining goʻzalligi, qurilish uslubi jihatidan Samarqandning eng yaxshi meʼmoriy yodgorliklari (15-asr ikkinchi yarmidagi Oq saroy va Ishratxona)ga yaqinlashadi. 1946, 1949, 1951, 1967 y.larda taʼmir ishlari olib borilgan. Baroqxon madrasasi da Oʻzbekiston Musulmonlari idorasi joylashgan.