Germaniyalik ekspert Markazdan olgan hayratini yashirolmadi
Germaniyalik ekspert Markazdan olgan hayratini yashirolmadi
Germaniyadan Strategy & Germany kompaniyasi hamkori Zeno Lobe rahbarligida tashrif buyurgan delegatsiya O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi bilan tanishdi. Markazning boy tarixiy va madaniy merosi mehmonda chuqur taassurot qoldirdi.
Tashrif avvalida mehmonlar Markazning "Shon-sharaf" zalini ko‘zdan kechirishdi. Bu yerdagi 14 ta ravoqdan iborat mozaikali kompozitsiyalar o‘zining nafisligi, ranglar uyg‘unligi va tarixiy mazmuni bilan tomoshabinlarda katta taassurot qoldirdi.
Zeno Lobe Ikkinchi Renessans asoschisi, sohibqiron Amir Temurga bag‘ishlangan eksponatlarga alohida qiziqish bildirdi. Jumladan, shaxmat donalari va raqamli texnologiyalar asosida tayyorlangan avatarlar mehmonning diqqatini tortdi. Shuningdek, Qur’oni karim zalining ulkan me’moriy ko‘lami va ma’naviy muhiti uni hayratga solganini ta’kidladi.
Tashrif davomida delegatsiya a’zolari sug‘d davri libosini ham sinab ko‘rish imkoniyatiga ega bo‘lib, bu ularga tarixiy muhitni yanada yaqinroq his etish imkonini berdi.
Zeno Lobe o‘z taassurotlari bilan quyidagicha o‘rtoqlashdi:
Ayrim eksponatlar bir necha ming yillik tarixga ega bo‘lib, ularning aynan asl nusxada saqlanayotgani tarixni go‘yo jonlantirib, tomoshabinni o‘tmish bilan yuzma-yuz uchrashtiradi.
Bu loyiha yagona va takrorlanmas. Ochig‘ini aytsam, Yevropada bunga o‘xshash boshqa biror tashabbusni uchratmaganman. Shubhasiz, bu yerda O‘zbekiston Prezidenti tashabbusi alohida e’tirofga sazovor — bunday majmuani tashkil etish, uni moliyalashtirish va hayotga tatbiq etish uchun aniq tasavvur va strategik fikrlash zarur.
Rostini aytsam, men uchun eng qiziqarli va ta’sirli qism aynan ulkan gumbaz ostidagi ekspozitsiya bo‘ldi.




