Tojikiston vakillari: “Markaz kelajak avlod uchun muhim”

Tojikiston vakillari: “Markaz kelajak avlod uchun muhim”

Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan barpo etilgan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga Tojikiston Prezidenti huzuridagi Innovatsiya va yangi texnologiyalar agentligi hamda Davlat moliyaviy nazorati va korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi delegatsiyasi tashrif buyurdi. Davlat moliyaviy nazorati va korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining Korrupsiyaga qarshi kurashish boshqarmasi boshlig‘i Akmalzoda Nodir boshchiligidagi delegatsiya barcha ekspozitsiya zallarini tomosha qilishdi. 

Mehmonlar Islomdan avvalgi davr, Birinchi va Ikkinchi Renessans ekspozitsiyalarini ko‘zdan kechirar ekan, namoyish etilgan noyob artefaktlar, tarixiy manbalar hamda zamonaviy texnologiyalar uyg‘unligi ularda katta taassurot qoldirdi. Delegatsiya a’zolari Markaz nafaqat tarixiy boyliklarni saqlash, balki madaniy aloqalarni mustahkamlash va ta’lim sohasida ham muhim maydon vazifasini o‘tashini ta’kidladi.

Faromarz Rahmonzoda, Tojikiston Korrupsiyaga qarshi kurashish boshqarmasi bosh inspektori:

– O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi go‘zal me’moriy yechimlar va zamonaviy texnologiyalar asosida barpo etilgan yuksak ma’naviy-ma’rifiy maskandir. Bu yerda tashrif buyuruvchilar islomdan avvalgi sivilizatsiyalar tarixi, shuningdek, islomdan keyingi yuksak taraqqiyot bosqichlari bilan raqamli texnologiyalar orqali yaqindan tanishish imkoniyatiga ega.

Buyuk allomalar — Abu Ali ibn Sino, Abu Rayhon Beruniy, Muhammad Xorazmiy kabi mutafakkirlarning sivilizatsiya rivojidagi o‘rni ta’sirchan tarzda yoritilgan. Bu Markaziy Osiyo xalqlarining boy ilmiy va ma’naviy merosini yana bir bor namoyon etadi. Markaz nafaqat O‘zbekiston, balki butun mintaqa, jumladan, Tojikiston xalqi uchun ham katta ahamiyatga ega.

Tojikiston delegatsiyasi tarkibidagi Davlat moliyaviy nazorati va korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining xalqaro munosabatlar va jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi boshlig‘i Sanjar Ixtiyorzoda Markazdagi ilk taassurotlari bilan o‘rtoqlashdi:

– O‘zbekistonga birinchi bor tashrif buyurdim va ilk manzillardan biri Islom sivilizatsiyasi markazi bo‘ldi. Bu yerga qadam qo‘yishimiz bilanoq unutilmas taassurotlarga ega bo‘ldik.

Markazda tarix, san’at va innovatsion texnologiyalar uyg‘unlashgan holda zamonaviy va ta’sirchan shaklda taqdim etilgan. Dunyoda bunday keng qamrovli va yuksak saviyada tashkil etilgan markazni kam uchratasiz.

Ayniqsa, yoshlar va bolalar uchun bu maskan beqiyos ahamiyatga ega. Ular bu yerda o‘z ajdodlari merosini o‘rganib, tarixdan saboq oladi va yangi bilimlarga ega bo‘ladi. Ekspozitsiyalar mazmunan boy va puxta ishlangan. Yevropadan noyob eksponatlarning olib kelinishi alohida e’tiborga loyiq. Bu madaniy merosni asrab-avaylash va uni kelajak avlodga yetkazish yo‘lidagi muhim qadamdir.

https://iccu.uz/uz/news/1239