“TERMIZ HADIS MAKTABI: ALLOMALAR MEROSI VA ZAMONAVIY TADQIQOTLAR” IV XALQARO KONFERENSIYA
“TERMIZ HADIS MAKTABI: ALLOMALAR MEROSI VA ZAMONAVIY TADQIQOTLAR” IV XALQARO KONFERENSIYA
2026 yil 9 iyul kuni O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi hamda Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tomonidan Termiz shahrida “Termiz hadis maktabi: allomalar merosi va zamonaviy tadqiqotlar” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkaziladi.
Mazkur nufuzli konferensiya O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rahbarligida Yangi O‘zbekistonda Uchinchi Renessans poydevorini yaratish, islom ma’rifati g‘oyalarini chuqur o‘rganish va ularni jahon jamoatchiligiga yetkazish borasidagi izchil islohotlarning amaliy ifodasi bo‘lgan yirik media-tadbir — “Islom sivilizatsiyasi: tinchlik, bag‘rikenglik va ilm-ma’rifat yo‘li” mavzusidagi I Xalqaro islom sivilizatsiyasi forumining ajralmas va muhim tarkibiy qismi sifatida tashkil etiladi.
Xalqaro konferensiyada nufuzli xalqaro tashkilotlar — ICESCO, IRCICA, TURKSOY hamda Oksford islom tadqiqotlari markazi, shuningdek, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, O‘zbekiston musulmonlari idorasi, xorijiy davlatlar bosh muftiylari, hadisshunos olimlar va xalqaro ekspertlar ishtirok etadi.
Tadbirda Buyuk Britaniya, Jazoir, Italiya, Misr, Pokiston, Turkiya hamda Markaziy Osiyo davlatlaridan jami 20 nafar xorijiy mehmon — taniqli diniy ulamolar, inson huquqlari bo‘yicha ekspertlar, islomshunos olimlar va mutaxassislar qatnashishi rejalashtirilgan.
Konferensiyaning bosh maqsadi Termiz zaminida shakllangan hadisshunoslik maktabi va uning namoyandalari qoldirgan boy ilmiy merosni chuqur o‘rganish, Imom Termiziy va boshqa termizlik allomalarning jahon islom sivilizatsiyasi rivojiga qo‘shgan ulkan hissasini ilmiy jihatdan tadqiq etish hamda ushbu merosni xalqaro miqyosda keng targ‘ib qilishdan iborat.
Shuningdek, konferensiya doirasida hadisshunoslik sohasidagi zamonaviy ilmiy izlanishlar, qo‘lyozma manbalarni o‘rganish, ularni raqamlashtirish va ilmiy muomalaga kiritish, islom ma’rifati hamda insonparvarlik g‘oyalarini targ‘ib qilish bilan bog‘liq dolzarb masalalar muhokama qilinadi.
Xalqaro konferensiya faoliyati 2 bosqichda bo‘lib, bunda dastlab yalpi majlis tashkil etiladi va undan so‘ng 2 ta sho‘ba faoliyat olib boradi.
Sho‘balar faoliyati quyidagi yo‘nalishlar bo‘yicha bo‘lib, unda, jumladan:
—“Imom Termiziy va Termiz hadisshunoslik maktabining shakllanishi” yo‘nalishida Termiz hadis maktabining vujudga kelish tarixi, uning ilmiy muhiti, Imom Termiziyning hayoti va ijodi hamda hadis ilmlari taraqqiyotiga qo‘shgan hissasi;
—“Termizlik ulamolar asarlarining mohiyati va ularning manbashunoslik tahlili” yo‘nalishida Termizlik allomalarning qo‘lyozma va bosma asarlari, ularning ilmiy xususiyatlari, manbalar bazasi hamda tadqiqot metodologiyasi masalalari xususida ma’ruzalar tinglanadi.
Konferensiya ishtirokchilari uchun Surxondaryo viloyatining tarixiy va ziyorat turizmi obyektlariga tashriflar tashkil etilishi belgilangan. Xususan, Termiz va Sherobod tumanlarida joylashgan Hakim Termiziy va Imom Termiziy ziyoratgohlariga tashrif buyurish rejalashtirilgan.
“Termiz hadis maktabi: allomalar merosi va zamonaviy tadqiqotlar” IV xalqaro konferensiyasi Termiz zaminidan yetishib chiqqan buyuk muhaddislar va mutafakkirlarning boy ilmiy merosini xalqaro miqyosda targ‘ib qilish, islom ma’rifati g‘oyalarini keng yoyish hamda turli mamlakatlar olimlari o‘rtasida ilmiy muloqotni mustahkamlashga xizmat qiladigan muhim xalqaro platforma vazifasini bajaradi.
Eslatib o‘tamiz, Termizda o‘tkaziladigan xalqaro konferensiya 2026 yil 6-11 iyul kunlari mamlakatimizda o‘tkaziladigan “Islom sivilizatsiyasi: tinchlik, bag‘rikenglik va ilm-ma’rifat yo‘li” mavzusidagi I Xalqaro islom sivilizatsiyasi forumi doirasida tashkil etilib, xuddi shu kuni Samarqand shahrida ham 2 ta xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tadi.





