Serbiyalik deputat: “Bu markaz kelajak uchun ham muhim g‘oyalarni taqdim etmoqda”

Serbiyalik deputat: “Bu markaz kelajak uchun ham muhim g‘oyalarni taqdim etmoqda”

Jahonda sivilizatsiyalar muloqoti, bag‘rikenglik va ma’rifat g‘oyalari yanada muhim ahamiyat kasb etayotgan bir paytda O‘zbekiston mazkur jarayonning faol ishtirokchisi sifatida e’tirof etilmoqda. Serbiya Respublikasi parlamenti delegatsiyasining O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrifi davomida bildirilgan fikrlar mamlakatning global ma’rifiy va gumanitar platformalardan biriga aylanib borayotganini ko‘rsatdi.

Serbiya Respublikasi Xalq yig‘ilishidagi “Serbiya–O‘zbekiston” parlamentlararo hamkorlik guruhi raisi A. Markovich boshchiligidagi delegatsiya O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi.

Tashrif davomida mehmonlar Markaz ekspozitsiyalari bilan yaqindan tanishib, uning boy ilmiy, ma’naviy va madaniy mazmuni haqida atroflicha ma’lumot oldilar. Delegatsiya a’zolari ayniqsa tarixiy merosning zamonaviy texnologiyalar asosida taqdim etilishi va ekspozitsiyalar o‘rtasidagi mantiqiy uyg‘unlikni yuqori baholadilar.

Islomdan avvalgi davr sivilizatsiyalariga bag‘ishlangan bo‘lim mehmonlarda katta qiziqish uyg‘otgan ekspozitsiyalardan biri bo‘ldi. Bu yerda namoyish etilgan Baqtriya zargarlik san’ati namunalari orqali ular Markaziy Osiyo hududida qadimdan shakllangan yuksak madaniyat, nafosat va hunarmandchilik an’analarini yaqindan his qilish imkoniga ega bo‘ldilar.

Delegatsiya a’zolari ta’kidlaganidek, Markazdagi har bir ekspozitsiya alohida tarixiy voqelikni emas, balki insoniyat sivilizatsiyasi taraqqiyotining uzviy va yaxlit manzarasini namoyon etadi.

Serbiya Milliy Assambleyasi deputati Olivera Denich tashrif taassurotlari bilan o‘rtoqlashar ekan, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazini sivilizatsiyalar muloqoti uchun muhim xalqaro platforma deb baholadi.

“Biz bu yerga katta umidlar bilan kelgan edik, ko‘rganlarimiz umidlarimizdan ham ziyoda ekan. Bu markaz sivilizatsiya va an’analarni asrab-avaylash bilan birga, ularni zamonaviy taraqqiyot bilan uyg‘unlashtirish mumkinligini yaqqol namoyon etadi. Bu nafaqat O‘zbekiston, balki butun mintaqa uchun muhim ma’naviy va madaniy platforma hisoblanadi”, — dedi u.

Tashrif davomida mehmonlar “Yangi O‘zbekiston — Yangi Renessans poydevori” bo‘limi bilan ham tanishdilar. Ushbu ekspozitsiya orqali mamlakatda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, iqtisodiy o‘sish sur’atlari, modernizatsiya jarayonlari va ochiq tashqi siyosat haqida ma’lumot berildi.

Serbiya delegatsiyasi O‘zbekistonning xalqaro hamkorlikka ochiqligi, bag‘rikenglik va o‘zaro hurmat tamoyillariga asoslangan siyosati mintaqada barqaror taraqqiyotni ta’minlashga xizmat qilayotgan muhim omil ekanini alohida ta’kidladi.

Tashrif yakunida delegatsiya a’zolari O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazini nafaqat tarixiy merosni saqlash va targ‘ib qilishga xizmat qiluvchi noyob muzey-majmua, balki xalqlar va sivilizatsiyalar o‘rtasidagi muloqotni rivojlantiruvchi, o‘zaro anglashuv va do‘stlikni mustahkamlovchi muhim ma’rifat maskani sifatida e’tirof etdilar.

Ularning fikricha, Markazning xalqaro ahamiyati yil sayin ortib bormoqda va bunday tashabbuslar global madaniy hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.