O‘mon delegatsiyasi: “Markaz butun dunyo uchun tarixiy ahamiyatga ega yangi sahifa ochadi”
O‘mon delegatsiyasi: “Markaz butun dunyo uchun tarixiy ahamiyatga ega yangi sahifa ochadi”
Bundan 8 yil avval O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan ramziy tamal toshi qo‘yilgan va so‘nggi ikki yilda qurilish ishlari jadallashib, bugun to‘liq qad rostlagan mahobatli O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi bugun xalqaro jamoatchilik diqqatini o‘ziga tortmoqda. Mazkur ilmiy-ma’rifiy maskan O‘zbekistonning boy sivilizatsion merosini jahon hamjamiyatiga namoyon etuvchi muhim platforma sifatida keng jamoatchilik e’tirofiga sazovor bo‘lmoqda.
2018-yil 15-iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi poydevoriga ramziy tamal toshini qo‘yar ekan, ushbu maskan nafaqat me’moriy majmua, balki islom ma’rifatini chuqur o‘rganish, ajdodlarimizning bebaho ilmiy va ma’naviy merosini xalqimiz hamda jahon hamjamiyatiga yetkazishga xizmat qiladigan yirik ilmiy-ma’rifiy markaz bo‘lishini ta’kidlagan edi.
Bugun ushbu ezgu g‘oya amalda o‘z tasdig‘ini topib, Markaz O‘zbekistonning boy sivilizatsion merosini xalqaro miqyosda namoyon etuvchi, ilmiy muloqot va madaniyatlararo hamkorlikni mustahkamlovchi muhim maydonga aylanib bormoqda. Prezidentimiz tashabbusi bilan sakkiz yil davomida bunyod etilgan ushbu maskan xalqaro miqyosda yuksak e’tibor markazida bo‘lib, dunyoning turli mamlakatlaridan delegatsiyalar tashrif buyurmoqda.
Navbatdagi nufuzli tashrif O‘mon Transport vaziri o‘rinbosari Xamis bin Muhammad Al-Shammaxiy boshchiligidagi 15 nafar delegatsiyaning Markazga tashrifi bo‘ldi.
Tashrif davomida mehmonlar Markazning to‘rtta asosiy ekspozitsiya zali bilan yaqindan tanishib, har bir bo‘lim bo‘yicha batafsil ma’lumotlarga ega bo‘ldilar. Namoyish etilayotgan noyob tarixiy-madaniy meros namunalari delegatsiya a’zolarida katta taassurot qoldirdi. Ayniqsa, sun’iy intellekt texnologiyalari asosida yaratilgan interaktiv monitorlar, ekspozitsiyalarning aniq va ravon taqdimoti mehmonlar tomonidan alohida e’tirof etildi. Sug‘d liboslari aks etgan interaktiv monitorda suratga tushish jarayoni delegatsiya a’zolarida samimiy quvonch uyg‘otdi.
Tashrif davomida tomonlar kelgusida O‘mon va O‘zbekiston o‘rtasida madaniy-gumanitar hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalariga ham alohida e’tibor qaratdilar.
Xamis bin Muhammad Al-Shammaxiy, O‘mon Transport vaziri o‘rinbosari:
– Avvalo, O‘zbekiston Respublikasini ushbu buyuk inshoot — Islom sivilizatsiyasi markazi bilan tabriklaymiz. Bu maskan O‘zbekiston hududida asrlar davomida shakllangan ulkan sivilizatsiyaning muhim qismini o‘zida mujassam etadi.
Markaz nafaqat O‘zbekiston, balki butun islom ummati tarixini aks ettiradi. Bu yerda ilm-fan rivojiga beqiyos hissa qo‘shgan allomalar va yetakchilar yod etiladi. Ularning ta’siri nafaqat shu zaminda, balki butun dunyoda namoyon bo‘lgan.
Ko‘rgan eksponatlarimiz va tanishgan ma’lumotlarimiz O‘zbekiston hududida yashagan buyuk ummat tarixining ulug‘ligini yana bir bor anglatdi. Bu markaz nafaqat mamlakat, balki butun dunyo uchun tarixiy ahamiyatga ega yangi sahifa ochadi.







