MUKOFOT MENI YOSHARTIRDI, SHIJOAT ULASHDI
MUKOFOT MENI YOSHARTIRDI, SHIJOAT ULASHDI

Тарих фанлари доктори, профессор Аҳаджон Ҳасанов
O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining yigirma to‘qqiz yilligi arafasida Prezidentimiz Farmoniga ko‘ra, kamtarona mehnatim yuqori baholanib, “Mehnat shuhrati” ordeni bilan taqdirlandim. To‘g‘risi, bunday qutlovni, e’tiborni umuman kutmagandim. Shogirdlarim mukofotlanganlar ro‘yxatida mening ham ism-sharifim borligini aytishganida juda ham xursand bo‘lib ketdim. Ayniqsa, bugungi pandemiya davrida, odam odamga g‘animat bo‘lib turganda bunday xushxabar boshqacha ta’sir qilarkan.
Tan olishimiz kerak, so‘nggi yillarda davlatimizning olib borayotgan islohotlari tubdan o‘zgarmoqda. Shaxsan o‘zim o‘n yildan ortiq davr mobaynida O‘zbekiston Respublikasi Prezident devonida din ishlari bo‘yicha mas’ul xodim bo‘lib faoliyat ko‘rsatganman. Afsuski, o‘sha yillari diniy soha vakillariga nisbatan e’tiborsizlik kuchli edi. U kunlar ortda qoldi.
Shukrki, hozirda yoshim saksondan oshdi. Ko‘p yildan beri diniy-ma’rifiy sohada mehnat qilaman. Shavkat Mirziyoyev davlat rahbari etib saylanganidan so‘ng ko‘plab sohalar qatori diniy sohaga ham katta e’tibor berilmoqda. Masalan, ekstremizmga aloqadorlikka gumon qilingan 20 mingdan ziyod yurtdoshlarimizning “qora ro‘yxat”dan chiqarilgani, ularning afv etilishi olijanoblikning yorqin namunasi bo‘ldi. Bundan tashqari, davlat va din o‘rtasida yaqin munosabatlar o‘rnatildi. Toshkent, Samarqand, Buxoro, Qashqadaryo, Surxondaryo hamda vodiy viloyatlarida ham diniy ilmlarni o‘rgatadigan bilim markazlari ochildi. Yurtimizdagi mazkur ijobiy o‘zgarishlar xalqaro minbarlardan ham munosib e’tirof etilmoqda.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Vatanimiz mustaqilligining yigirma to‘qqiz yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi nutqida diniy soha vakillariga yana bir bor ishonch bildirganidan behad quvondim. Davlatimiz rahbarining “Mamlakatimizda diniy-ma’rifiy sohalar rivojiga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi qurilishi jadal davom ettirilmoqda. Ushbu betakror majmua xalqimizning asrlar davomida jahon sivilizatsiyasiga qo‘shgan ulkan hissasini namoyon etadi. Yaqinda Imom Moturidiy ilmiy-tadqiqot markazini tashkil etish borasida boshlagan sa’y-harakatlarimiz ham mana shu xayrli ishlarning uzviy davomidir”, degan ta’kidi bizga katta ishonch beradi.
Shu nuqtai nazardan, menga taqdim etilgan davlat mukofoti faqat mening mehnat mahsulim emas. Unda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rahbariyati, ilmiy-pedagogik jamoasi, xodimlarining ham hissasi bor. Ularning bildirayotgan samimiy tabriklaridan boshim ko‘kka yetdi.
Mazkur mukofot uchun Prezidentimiz, hukumatimizga chuqur minnatdorchilik bildiraman. Mukofot menga ishonch, kuch berayotganini his qilyapman. Yosharib ketgandek, shijoatim oshgandek tuyulyapti. Alloh umrimni ziyoda qilsa, islom tarixi bo‘yicha kitob, maqolalar yozish, yoshlarga ta’lim-tarbiya berishda yanada shijoat bilan xizmat qilaman.
Ahadjon HASANOV,
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi “Islom tarixi va manbashunosligi “IRCICA” kafedrasi professori,
“Mehnat shuhrati” ordeni sohibi




