Ekpozitsiyada Kisva va XIII asrga oid Ka’ba kaliti BMT mutaxassislarini qiziqtirib qo‘ydi
Ekpozitsiyada Kisva va XIII asrga oid Ka’ba kaliti BMT mutaxassislarini qiziqtirib qo‘ydi
Miloddan avvalgi I ming yillikka oid bug‘u haykalchasi, tilla va zumrad bilan bezatilgan buyumlar, XIII asr Ka’ba eshigi kaliti… Birlashgan Millatlar tashkiloti (BMT) delegatsiyasi Islom sivilizatsiyasi markazida tarix va texnologiyalar uyg‘unligini ko‘rib, go‘yo o‘tmish sahifalariga sayohat qilgandek bo‘ldi.
BMT Terrorizmga qarshi kurash va xavflar ustuvorligi boshqarmasi, Yevropa Ittifoqi–BMT qo‘shma dasturi mutaxassislari O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi.
Tashrif davomida mehmonlar Markazning turli ekspozitsiyalari bilan yaqindan tanishdi. Xususan, “Islomdan avvalgi davr” bo‘limida joylashtirilgan miloddan avvalgi I ming yillikka tegishli bug‘u haykalchasi delegatsiya a’zolarining e’tiborini tortdi. Eksponatning bugungacha mukammal saqlanib kelishi va detallarining nozikligi barchani hayratga soldi.
Shuningdek, Birinchi Renessans davri bo‘limidagi saljuqiylarga oid eksponatlar mehmonlarda katta qiziqish uyg‘otdi. Tilla va zumrad bilan bezatilgan buyumlar, Ka’ba kisvasi, shuningdek, XIII asrga tegishli Ka’ba eshigi kaliti ularning hayratiga sabab bo‘ldi. Bu eksponatlar nafaqat tarixiy ahamiyatga ega, balki O‘zbekiston va Saudiya Arabistoni o‘rtasidagi do‘stona aloqalar ramzi sifatida ham baholandi.
Markaz ekspozitsiyalarida boy tarixiy eksponatlarning zamonaviy texnologiyalar bilan uyg‘unlashtirilgani ham mehmonlarda katta taassurot qoldirdi. Interaktiv ekranlar orqali buyumlarni ko‘rish va ularning teksturasini his qilish imkoniyati bilan mehmonlar go‘yo tarixning ishtirokchisiga aylandi.
Dmitriy Ponomarev, BMT menejeri:
“Mazkur muzeyga tashrif buyurish hayotimdagi eng ajoyib tajribalarimdan biri bo‘ldi. O‘zbekiston va mintaqaning boy tarixi zamonaviy texnologiyalar bilan uyg‘unlashgani insonni hayratga soladi. Go‘yo shu davr muhitiga tushib qolgandek his qiladi kishi. Barchani ushbu Markazga tashrif buyurishga tavsiya qilaman. Ekspozitsiyada Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi va “O‘zbekiston – 2030” milliy strategiyasini amalga oshirishda ko‘zlangan katta maqsadlarni ko‘rish mumkin”.
Nadejda Lutenko, BMT eksperti:
– Markaz O‘zbekiston tarixining barcha davrlarini birlashtirgan joy. Bu yerda an’anaviy madaniy elementlar zamonaviy installyatsiyalar bilan uyg‘unlashgan. Yoshlar uchun interaktiv imkoniyatlar katta qiziqish uyg‘otadi – ekranlar orqali ko‘rish, buyumlarni his qilish, kitob va kiyimlar teksturasini to‘g‘ridan to‘g‘ri sinash mumkin. Bizga berilgan ma’lumotlar esa har bir eksponatning tarixiy va madaniy ahamiyatini yanada chuqurroq tushunish imkonini berdi. Bu yerda o‘zingizni haqiqiy tarixning bir bo‘lagiday his qilasiz.”
Delegatsiya Yangi O‘zbekistonning kelajagi porloq ekanini va mamlakatning xalqaro maydondagi nufuzi tobora oshib borayotganini ham alohida ta’kidlashdi.








